ORTGA
Sizning natijangiz 0%
Barcha bo'limlar

Zo'ravonlikdan himoyalanishga oid savol-javoblar

1
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik nima?

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik - bu kattalar yoki boshqa odamlar tomonidan bolaga nisbatan shafqatsiz munosabatdir. Masalan, bolani urish, qo‘rqitish, haqorat qilish, majburlash yoki unga zarar yetkazish zo‘ravonlik hisoblanadi.
Zo‘ravonlik, shuningdek, Internet orqali bolani haqorat qilish yoki qo‘rqitishni ham o‘z ichiga oladi.
Har bir bola xavfsiz hayot kechirish, hurmat va himoyaga ega bo‘lish huquqiga ega. Agar kimdir bolaga yomon munosabatda bo‘lsa, bu noto‘g‘ri hisoblanadi va bunday hollarda kattalarga yoki ishonchli shaxslarga xabar berish kerak.

2
G'amxo'rlik ko'rsatmaslik deganda nima tushuniladi?

G‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik – bu kattalar bolaga qaramasligi yoki uning kerakli ehtiyojlarini ta’minlamasligidir.

Masalan, bolaga yetarli ovqat bermaslik, kiyim-kechak yoki parvarish qilmaslik, kasal bo‘lsa davolatmaslik yoki o‘qishiga e’tibor bermaslik g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik hisoblanadi.

Har bir bola yetarlicha ovqat, kiyim, ta’lim olishga haqli. Agar bolaga bunday e’tibor berilmasa, bu noto‘g‘ri hisoblanadi va bu haqda katta insonlarga aytish kerak.

3
Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolaning qanday huquqlari bor?

Agar bolaga nisbatan zo‘ravonlik qilinsa, u bola himoya qilinishi va yordam olishiga haqli. Bunday holatda bolaning quyidagi huquqlari bor:

· Zo‘ravonlikning barcha turlaridan himoya qilinishi;

· O‘ziga yomon muomala qilingani haqida ota-onasi, o‘qituvchisi yoki boshqa ishonchli kattalar orqali tegishli tashkilotlarga xabar berish;

· Bepul yordam olish: masalan, maslahat, psixologik yordam, tibbiy yordam va boshqa yordamlar;

· Agar kerak bo‘lsa, bolani himoya qilish uchun maxsus himoya choralari ko‘rilishini so‘rash;

· Agar zo‘ravonlik sababli zarar yetgan bo‘lsa, bu zararni qoplashni talab qilish.

Eng muhimi – agar bolaga yomon muomala qilinsa, u buni yashirmasdan ishonchli katta insonga aytishi kerak. Har bir bola xavfsiz va hurmatda yashashga haqli.

4
Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qiladigan qaysi tashkilotlar bor?

Bolalarni himoya qilish uchun mamlakatimizda turli tashkilotlar ishlaydi. Agar bolaga nisbatan zo‘ravonlik bo‘lsa, shu tashkilotlar bolaga yordam beradi. Masalan:

· Hukumat va davlat tashkilotlari

· Bolalar ombudsmani (bolalar huquqlarini himoya qiladigan maxsus vakil)

· Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar

· Ijtimoiy himoya tashkilotlari

· Prokuratura va militsiya

· Milliy gvardiya

· Oila va xotin-qizlar tashkilotlari

· Yoshlar ishlari agentligi

· Maktablar va boshqa ta’lim muassasalari

· Shifoxonalar va tibbiyot muassasalari

· Mahalla va mahalliy hokimiyat tashkilotlari

· Nodavlat tashkilotlar

Bu tashkilotlarning hammasi bolalarni himoya qilish va ularga yordam berish uchun ishlaydi.

5
Bolani ota-onasidan olib qo‘yish mumkinmi?

Agar ota-ona bolaning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lsa, uni hayotigni xavf ostida qoldirsa u holda davlat bolani ota-onasidan vaqtincha olib qo‘yishi mumkin.

Bolani shunday holatda uning qarindoshlari, maxsus muassasalar yoki davlat belgilangan xavfsiz joylarga joylashtirishadi, to u xavfsiz bo‘lishi ta’minlanmaguncha.

Ya’ni, bu bolani himoya qilish uchun qilinadi va bolaga yordam berish maqsadida amalga oshiriladi.

6
Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga qanday yordamlar beradi?

Agar bola zo‘ravonlikdan jabrlansa, unga yordam berishni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil qiladi.

Bu tashkilot bolaga:

· shifokor yordamini,

· psixologik yordamni,

· ijtimoiy va huquqiy yordamni tashkil qilib beradi. Shu bilan birga, bolaning huquqlari himoya qilinadi va imkoni bo‘lsa, bola o‘z oilasidan ajratilmaydi.

7
Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) kim tomonidan saylanadi?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan besh yil muddatga saylanadi.

8
Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha yakka tartibdagi chora-tadbirlarni qo‘llash uchun nima asos bo‘ladi?

Bolani himoya qilish uchun choralar quyidagi holatlarda ko‘riladi:

· Bola yoki uning ota-onasi (yoki vakili) yordam so‘rasa.

· Boshqa odamlar bolaga zo‘ravonlik bo‘layotgani haqida xabar bersa.

· Davlat idoralari xodimlari bolaga zo‘ravonlik bo‘lganini o‘zlari ko‘rib qolsa.

· Televideniya, gazeta yoki internetda shu haqida xabar chiqsa.

· Boshqa davlat tashkilotlari bu haqda ma’lumot yuborsa.

9
Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) tomonidan ariza va shikoyatlar qancha muddatda ko‘rib chiqiladi?

Agar bola yoki boshqa odam Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani)ga ariza yoki shikoyat yuborsa, u odatda 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi.

Agar masalani yaxshiroq tekshirish yoki qo‘shimcha hujjatlar kerak bo‘lsa, unda uni ko‘rib chiqish 1 oygacha vaqt olishi mumkin.

10
Agar maktabda bir bola boshqa bolani xafa qilayotganini ko‘rsang, nima qilish kerak?

Agar sen maktabda bir bolaga zo‘ravonlik qilinayotganini ko‘rsang yoki bilsang, bu haqda albatta o‘qituvchiga, maktab rahbariyatiga yoki kattalarga aytishing kerak. Chunki bolalar bir-birini himoya qilishi va yordam berishi muhim.

11
Ota-onalar bolani zo‘ravonlikdan himoya qilish uchun nima qilishi kerak?

Ota-onalar bolani himoya qilish uchun:

· uning hayoti va sog‘lig‘ini asraydi;

· bolaga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi;

· bola yaxshi o‘qishi va rivojlanishi uchun sharoit yaratadi;

· agar bolaga zo‘ravonlik bo‘lsa, bu haqda tegishli tashkilotlarga xabar beradi;

· bolaga uning huquqlari va to‘g‘ri xulq-atvor haqida o‘rgatadi.

12
Bolalarni ekspluatatsiya qilish deganda nima tushuniladi?

Bolalarni ekspluatatsiya qilish – bu kimdir boladan o‘z manfaati uchun foydalansa, ya’ni uni majburlab ishlatsa yoki unga zarar keltiradigan ishlarga jalb qilsa, shunday holat hisoblanadi.

Masalan, bolani majburlab ishlatish, tilanchilik qildirish, yomon yoki xavfli ishlarga jalb qilish bolalarni ekspluatatsiya qilish hisoblanadi.

Bunday ishlar bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga va o‘qishiga zarar yetkazadi. Har bir bola xavfsiz yashashga, o‘qishga va baxtli bolalikka haqli. Agar kimdir bolani shunday ishlarga majburlasa, bu haqda kattalarga aytish yoki xabar berish kerak.

13
Ta’qib etish deganda nima tushuniladi?

Ta’qib etish yoki bulling – bu bir bola yoki bir guruh bolalar boshqa bolani doim xafa qilsa, masxara qilsa yoki unga yomon muomala qilsa, shunday holat hisoblanadi.

Masalan, bolani haqoratli laqab bilan chaqirish, u bilan gaplashmaslik (boykot qilish), uning narsalarini tortib olish yoki buzish, uni masxara qilish bulling hisoblanadi.

Bunday ishlar internetda ham bo‘lishi mumkin, masalan, ijtimoiy tarmoqlarda yomon izohlar yozish yoki masxara qilish.

Bunday muomala qilish mumkin emas. Agar kimdir bolani shunday bezovta qilsa, bu haqda ota-ona, o‘qituvchi yoki ishonchli kattalarga aytish kerak. Har bir bola hurmat va xavfsizlikda yashashga haqli.

Ishonch liniyasi
1148
Tez yordam
103
Politsiya
102