Uyda yakka tartibda ta’lim olish jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, uzoq vaqt davolanishga muhtoj va tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra doimiy yoki vaqtincha umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari va jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar)ga qatnay olmaydigan bolalar uchun tashkil etiladi.
O‘quvchilarning ta’lim olish huquqini ta’minlash maqsadida maktabning tegishli sinfida o‘qiyotgan bolalardan 2 yoshga oshgan o‘quvchilarni ham ushbu sinfda uyda yakka tartibda ta’lim olishga jalb qilishga ruxsat etiladi.
Maktab direktorlari maktab joylashgan hududda yashaydigan o‘quvchilarni aniqlaydilar, ro‘yxatga oladilar hamda ularni uyda yakka tartibda ta’lim olish uchun jalb qilish choralarini ko‘radilar.
O‘quvchining uyda yakka tartibda ta’lim olishini belgilash uning doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiy-maslahat komissiyasining tibbiy xulosasiga asosan tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiy ko‘rik tibbiy-maslahat komissiyasiga murojaat qilingan kundan boshlab 3 kun ichida o‘tkaziladi.
Tibbiy xulosa 6 oy muddatga yoxud to‘liq o‘quv yiliga beriladi hamda tibbiy-maslahat komissiyasining raisi, a’zolari va uning ishiga jalb qilingan boshqa mutaxassislar tomonidan imzolanib, davolash-profilaktika muassasasining muhri bilan tasdiqlanadi.
Ota-onalar farzandlarining uyda yakka tartibda ta’lim olishlarini tashkil etish to‘g‘risidagi ariza bilan maktab direktori nomiga murojaat qiladilar.
— Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi: o‘quvchining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi;
— o‘quvchining baholar (o‘zlashtirish) tabeli (ta’lim olgan bo‘lsa);
— tibbiy-maslahat komissiyasining tibbiy xulosasi.
O‘quv rejasidagi haftalik soatlar miqdori 1 — 4-sinflar uchun 8 soat, 5 — 9-sinflar uchun 10 soatni, 10-11-sinflar uchun 12 soatni tashkil qiladi.
Dars mashg‘ulotlarining o‘qituvchilar tomonidan o‘z vaqtida va sifatli olib borilishi hamda o‘quv dasturlarining to‘liq bajarilishi maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari tomonidan nazorat qilinadi.
Dars jadvali maktab tomonidan o‘quvchining sog‘lig‘i holatini inobatga olib, ota-onalar bilan kelishgan holda ishlab chiqiladi.
Uy ta’lim shaklida ta’lim oladigan o‘quvchining o‘quv dasturi qanday bo‘ladi?
Jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarga uyda yakka tartibda ta’lim berish maktabning o‘quv dasturi, ruhiy rivojlanishida o‘ziga xos xususiyatlari bo‘lgan o‘quvchilarga uyda yakka tartibda ta’lim berish esa — aqliy nogironligi bor bolalar uchun jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining o‘quv dasturi asosida tashkil etiladi.
Uy ta’limi shaklida ta’lim olmoqchi bo‘lgan o‘quvchiga logoped kerak bo‘lsa, ammo ushbu maktabda bo‘lmasa nima bo‘ladi?
O‘quvchida bir vaqtning o‘zida bir necha kasallik turlari uchrasa yoki unga fan o‘qituvchilaridan tashqari boshqa mutaxassislar (logoped, psixolog, defektolog va boshqalar) maktabda bo‘lmagan taqdirda, boshqa ta’lim muassasalaridan o‘rindoshlik asosida jalb qilinadi.
Uy ta’lim shaklida ta’lim oladigan o‘quvchining dars soatining davomiyligi qancha?
Dars soatining davomiyligi jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar uchun 45 daqiqa, ruhiy o‘ziga xos xususiyatlari bo‘lgan o‘quvchilar uchun 40 daqiqadan iborat bo‘ladi.
Nogironligi bo‘lgan bolalar — doimiy jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari tufayli hayotiy faoliyati cheklanganligi munosabati bilan davlat va jamiyat tomonidan ijtimoiy yordam ko‘rsatilishiga hamda o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga muhtoj o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslar.
Nogironligi bo‘lgan deb topish qaysi tashkilot tomonidan amalga oshiriladi?
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevralda “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini tashkil etishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 62-sonli qaroriga asosan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan bola deb topish pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi barchaga ma’lum bo‘lgan Tibbiy-ijtimoiy ekspertizasining tizimida (TIEK) hisoblanadi.
Bolalar qanday hollarda nogironlik belgilanishi uchun tibbiyot muassasasiga murojaat qilishi mumkin?
Agar bolaning umumiy ahvoli og‘irlashishi yoki olgan jarohati tufayli, sog‘ligiga zarar yetganda, bolaning ba’zi organizmlarining normal ishlash faoliyati turg‘un buzilish bo‘lgan holatlarda o‘zi yashab turgan hududda joylashgan tibbiyot muassasasiga (poliklinika) murojaat qilishi shuningdek, qayta nogironlikni belgilash masalasida ham tibbiyot muassasasiga murojaat qilishi mumkin.
Bola murojaat qilganidan so‘ng tibbiyot muassasalari qanday ishlarni bajaradi?
Bola murojaat qilgandan so‘ng tibbiyot muassasasi ko‘rik uchun qabul qilingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari (a’zo va to‘qimalarda anatomik hamda fiziologik o‘zgarishlar mavjud bo‘lishi) bo‘lgan bolalarni qo‘shimcha tekshiruvlarni o‘tkazmasdan TIEKga yuboradi. Bunda bolalarni TIEK tarkibidagi pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan tekshirish ishlari amalga oshiriladi. Ko‘rikdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.
TIEKda ko‘rikdan o‘tish uchun qanday hujjatlar talab qilinadi?
TIEKda ko‘rikdan o‘tish uchun quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
► 18 yoshgacha bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi;
► ota – onasining yoki qonuniy vakilining pasporti.
Bundan tashqari yuqoridagi hujjatlardan ko‘chirmalar taqdim etiladi:
► umumiy kasallik va bolalikdan nogironlik sabablarini belgilash uchun tibbiyot muassasasining yo‘llanmasi;
► kasallik tarixidan (bu tashxis qo‘yish uchun va da’vo choralarini belgilash uchun bemor yoki uning yaqinlari yordamida kasallik to‘g‘risida yig‘ilgan ma’lumotlar jamlanmasi) ko‘chirma.
Ko‘rik natijalariga ko‘ra bola nogironligi bo‘lgan deb topilsa, qay tartibda rasmiylashtiriladi?
Agar TIEK tomonidan ko‘rik natijalariga ko‘ra bola nogironligi bo‘lgan bola deb topilganda, shu kuni belgilangan shakldagi ma’lumotnoma rasmiylashtirilib, QR-kod orqali tasdiqlanib nogironligi bo‘lgan bolaga (yoki qonuniy vakiliga) beriladi. Pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limiga elektron tarzda o‘sha kunning o‘zida “TIEK” dasturi orqali yuboriladi.
Bolalarga nogironlikni belgilash talablari qanday?
Bolani ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida organizm funksiyalari yengil ravishda buzilishi nogironligi bo‘lgan bola deb e’tirof etish uchun asos bo‘lmaydi, bolalar III-IV salomatlik guruhiga kiritiladi va o‘zining hududida joylashgan tibbiyot muassasasining mutaxassislari tomonidan kuzatuvda bo‘ladi.
Agar 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarda organizm funksiyalarining o‘rta, ifodalangan va kuchli ifodalangan darajadagi buzilishlari aniqlanganda, ular nogironligi bo‘lgan bola deb e’tirof etiladi.
Qancha muddatga nogironligi bo‘lgan bola deb belgilanadi?
18 yoshgacha bo‘lgan bolalar 1-yil, 2-yil yoki 18 yoshgacha bo‘lgan muddatga nogironligi bo‘lgan bolalar deb e’tirof etiladi.
Patologik holatlar ya’ni bolalar organizmi funksiyalarining kuchli darajada buzilgan, ularning o‘zgalar yordamiga muhtojligi sezilgan va o‘ziga o‘zi xizmat qilishi chegaralangan, lekin 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarda tuzalish ehtimoli bo‘lgan holatlarda 2-yil muddatga nogironligi bo‘lgan bola deb e’tirof etiladi.
Qayta ko‘rikdan o‘tish muddati qanday amalga oshiriladi?
Nogironligi bo‘lgan bolalar qayta ko‘rikdan o‘tish muddati tugayotganligi to‘g‘risida qayta ko‘rikdan o‘tish belgilangan sanadan bir oy oldin, TIEK tomonidan xabardor qilinadi.
Xabardor qilish aloqa turlaridan foydalanilgan holda yoki nogironligi bo‘lgan bolaga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalari orqali tashkil etiladi.
Nogiron bolalar tibbiy-ijtimoiy yordam olish huquqiga ega bo‘lib, bu profilaktika, davolash-tashxis qo‘yish, reabilitatsiya, sanatoriy-kurort, protez-ortopediya yordamini, harakatlanish vositalari bilan imtiyozli shartlarda ta’minlanishni va boshqa yordam turlarini o‘z ichiga oladi.
Nogironligi bo‘lgan bolalar davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida bepul tibbiy-ijtimoiy yordam olish va o‘z uylarida parvarish qilinish huquqiga ega.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordamning quyidagi turlari ko‘rsatiladi:
pul to‘lovlari (pensiyalar, nafaqalar, bir yo‘la beriladigan to‘lovlar);
reabilitatsiya qilishning texnik vositalari, surdotexnika, tiflotexnika vositalari yoki boshqa vositalar, shu jumladan o‘rindiqli aravachalar, protez-ortopediya moslamalari, maxsus harfli matbaa nashrlari, ovoz kuchaytiruvchi apparatlar va signalizatorlar, subtitrli yoki surdotarjimonli videomateriallar, shuningdek avtomobillar bilan ta’minlash;
tibbiy, ijtimoiy, kasbiy, jismoniy reabilitatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar va maishiy xizmatlar;
transport xizmatlari;
dori vositalari bilan ta’minlash.
Jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar ota-onasi yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslarning arizasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti, homiylik va boshqa jamg‘armalarning mablag‘lari hisobidan, shuningdek ota-onasi yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslarning mablag‘lari hisobidan ijtimoiy muhofaza tizimi muassasalarida saqlanishlari mumkin.
Nogironligi bo‘lgan bolalarning maktabgacha ta’limi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarning maktabgacha ta’limi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amalga oshiriladi.
Maktabgacha yoshdagi nogironligi bo‘lgan bolalarga nisbatan zarur reabilitatsiya va abilitatsiya qilish choralari amalga oshiriladi hamda ularning maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘lishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi.
Sog‘lig‘ining holati maktabgacha ta’lim muassasalarida bo‘lishni vaqtincha istisno etadigan nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etiladi.
Ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ilg‘or uslubiyatlarni o‘z ichiga oladigan maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat ta’lim dasturini amalga oshirish ta’minlanadi.
Bundan tashqari, tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyaning tavsiyasi bo‘lgan taqdirda, jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar va nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari o‘z xohish-istagiga ko‘ra hamda bolaning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda ta’lim (umumta’lim yoki ixtisoslashtirilgan) muassasasi turini tanlash huquqiga ega.
Nogironligi bo‘lgan bolalarning inklyuziv ta’limi
Mamlakatimizda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandan keyin nogironligi bo‘lgan bolalarning to‘siqsiz ta’lim olishini ta’minlash uchun bir qator tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Masalan, inklyuziv ta’lim tushunchasi qonunlar va qonunosti hujjatlariga rasman kiritildi.
Xo‘sh, inklyuziv ta’lim nima?
Inklyuziv ta’lim – barcha uchun teng imkoniyatlar ta’minlangan holda beriladigan ta’lim. Ya’ni, alohida ta’lim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarning xilma-xilligini hisobga olib, ta’lim oluvchilarga teng imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan o‘quv jarayonidir.
Ushbu ta’lim jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bor bo‘lgan bolalar (shaxslar) uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim tashkil etiladi. Uni tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qoidaga ko‘ra, inklyuziv ta’lim sinfida o‘quvchilarning umumiy soni 30 nafardan oshmasligi shart. Shu bilan birga, bitta inklyuziv sinf tarkibida tashxisi bir xil yoki bir-biriga yaqin nogironligi bo‘lgan bolalarning 3 nafari ta’lim olishi mumkin.
Inklyuziv maktabda ta’lim olish uchun qanday hujjatlar topshirilishi kerak?
- tibbiy xulosa;
- nogironligi bor bolaning maktabgacha bo‘lgan davrda ta’lim olganligi hamda xulq-atvori haqidagi ma’lumotnoma;
- nogironligi bo‘lgan bolaga yakka tartibda yordam berish borasida amalga oshirilgan chora tadbirlar ro‘yxati;
- nogironligi bo‘lgan bolaning yashash hududidagi bosh shifokor tomonidan tasdiqlangan ambulator kartasidan ko‘chirma.
Ushbu hujjatlar yig‘ma shaklda maktab direktoriga taqdim etilgandan keyin nogironligi bo‘lgan bola maktab direktori buyrug‘iga asosan inklyuziv tartibda ta’lim olish uchun o‘quv jarayonlariga jalb etiladi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, har qanday inson to‘siqsiz muhitda ta’lim olish huquqiga egadir. Nogironligi bo‘lgan bolalar misolida bu jarayon yuqorida tahlil qilinganidek, inklyuziv ta’lim orqali amalga oshiriladi.
Ma’lumot o‘rnida, 2023-2024 o‘quv yilida sinov tariqasida respublikamizning 415 ta umumta’lim maktablarida inklyuziv va boshlang‘ich korreksion sinflar tashkil etilgan. Umumiy hisobda 736 ta maxsus ehtiyojli o‘quvchilarga inklyuziv shaklda o‘quv jarayonlariga qatnashishlari uchun imkoniyatlar yaratilgan.
“Muruvvat” uylari haqida bilasizmi?
«Muruvvat» bolalar internat uylari O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan, ruhiyatida sezilarli yoki ancha sezilarli nuqsonlar bor bo‘lgan, 4 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatadigan davlat tibbiy-ijtimoiy muassasalari hisoblanadi.
«Muruvvat» bolalar internat uylariga qo‘yidagi tashxislar bilan qabul qilinadi:
- mo‘tadil darajadagi aqliy zaiflik;
- og‘ir darajadagi aqliy zaiflik;
- chuqur darajadagi aqliy zaiflik;
- bolalarni ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga qabul qilishga to‘sqinlik qiluvchi gemiparez, paraparez va tetraparez asoratlari bo‘lgan mo‘’tadil darajadagi aqliy zaif bolalar tserebral falajligi;
- intellektning qo‘pol buzilishiga olib kelgan bolalar shizofreniyasi;
- dementsiya.
Qabul qilish bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.
Quyidagilar «Muruvvat» bolalar internat uylariga qabul qilishga qarshi ko‘rsatmalar ham mavjudmi?
- Albatta. tez-tez, har oyda 5-martadan ko‘p tutqanoq xurujlari sodir bo‘ladigan epilepsiya, seriyali tutqanoq xurujlariga, epileptik statusga, namozshomsimon ong xiralashish holatlariga, disforiyalarga moyillik;
- bemorning o‘zi va atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan qo‘pol va xulqiy buzilishlar sabab bo‘ladigan ruhiy kasalliklar;
- ular bilan kasallanganda bolani umumta’lim yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida o‘qitish mumkin bo‘lgan har qanday ruhiy kasalliklar;
- jarayonning faol bosqichidagi sil kasalligi;
- yuqumli teri va soch kasalliklari;
- o‘tkir yuqumli kasalliklar;
- salbiy jarayondagi, yomon holatda o‘tadigan shish kasalliklari va retsidivlari;
- tanosil kasalliklari.
«Muruvvat» bolalar internat uylariga qabul qilish chog‘ida yuqori harorat yoki noaniq etiologiyali toshma aniqlangan shaxslar hududiy davolash profilaktika muassasalariga yuboriladi.
«Muruvvat» bolalar internat uylariga yuborish, shuningdek, biridan ikkinchisiga o‘tkazish Ijtimoiy himoya milliy agentligining Vasiylikka olinuvchilarni tibbiy-ijtimoiy muassasalarga yuborish, shuningdek biridan ikkinchisiga o‘tkazish (ko‘chirish) bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq hududiy boshqarma boshlig‘ining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarga nafaqa tayinlanishi
Nogironligi bo‘lgan bolalarga nafaqa murojaat qilinganidan qat’iy nazar tayinlanadi.
“Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ayrim toifadagi shaxslarga nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to’grisida”gi nizomga ko‘ra, quyidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi shaxslarga nafaqalarni tayinlash tartiblari belgilandi:
- nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakilga;
- davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
- davlat pensiyasini olish huquqiga ega bo‘lmagan vafot etgan shaxsning qaramog‘idagi oilaning mehnatga layoqatsiz a’zolariga;
- davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi shaxslar hamda bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor (bo‘lgan) onalarga.
Shunga ko‘ra, quyidagi nafaqalar tayinlanadi:
- nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqasi;
- parvarishlash nafaqasi;
- nogironlik nafaqasi;
- boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi;
- yoshga doir nafaqa.
Nogironligi bo'lgan 18 yoshgacha bolalarga nafaqa hamda parvarishlash nafaqasi Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan “proaktiv shakl”da tayinlanadi.
Nogironlik, boquvchisini yo‘qotganlik va yoshga doir nafaqalar tayinlanishi uchun davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qilinadi.
DXM ma’lumot olingandan so‘ng 5 daqiqa ichida:
- nafaqa tayinlangan taqdirda, nafaqani qachon va qaerdan olish to‘g‘risida murojaat qiluvchini xabardor qiladi.
Nafaqalar nafaqa oluvchining xohishiga ko‘ra nafaqani etkazib berish (topshirish) vakolati yuklangan tashkilot yoki fuqarolarning depozit hisobvaraqlariga pul o‘tkazish yo‘li bilan bank filiali orqali to‘lanadi.
Nafaqalar har oyda belgilangan muddatlarda, biroq joriy to‘lov oyidan kechikmay to‘lanadi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar kimlar?
Avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar – yuzaga kelgan holatlar sababli og‘ir turmush sharoitida qolgan, davlat va jamiyat tomonidan alohida himoya qilishga hamda qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bolalardir.
Shu jumladan:
- nogironligi bo‘lgan bolalar;
- jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar;
- yetim bolalar;
- ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
- ixtisoslashtirilgan bolalar muassasalarida tarbiyalanayotgan bolalar;
- muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan bolalar;
- kam ta’minlangan oilalardagi bolalar;
- jinoiy javobgarlikka tortilgan va jazoni ijro etish muassasalarida turgan bolalar;
- zo‘ravonlik va ekspluatatsiya, qurolli mojarolar va tabiiy ofatlar natijasida jabrlangan bolalar.
https://lex.uz/ru/docs/1297315
Nogironligi bo‘lgan bolalarning dam olish va sog‘ligini saqlash huquqini ta’minlash bo‘yicha qanday kafolatlar mavjud?
Har bir nogironligi bo‘lgan bola o‘zining yoshi, sog‘lig‘i hamda ehtiyojlariga mos keladigan dam olish va bo‘sh vaqtga bo‘lgan huquqqa ega.
Ota-ona yoki ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z qobiliyatlari hamda imkoniyatlariga muvofiq bolaning har tomonlama kamol topishi va farovonligi uchun zarur turmush sharoitini ta’minlaydi.
Nogironligi bo‘lgan bolalar sog‘lomlashtirish, sport, ijodiy tashkilotlari hamda dam olishni va bo‘sh vaqtni uyushtiruvchi boshqa tashkilotlar qonunchilikka muvofiq davlat organlari tomonidan ta’sis etiladi va qo‘llab-quvvatlanadi.
Har bir bola sog‘lig‘ini saqlash huquqiga ega.
Davlat sog‘lom bola tug‘ilishini ta’minlash uchun onaga uning sog‘lig‘ini saqlash sharoitlarini yaratadi.
Davlat nogironligi bo‘lgan bolalarga qonunchilikka muvofiq hajmda bepul tibbiy yordamni kafolatlaydi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarning sog‘lig‘ini saqlash huquqi davlat tomonidan quyidagi yo‘llar bilan ta’minlanadi:
malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishini tashkil qilish;
bolaning, uning ota-onasining salomatligini nazorat qilish va bolalar kasalliklari profilaktikasi;
nogironligi bo‘lgan bolalar va o‘smirlarni davolash-profilaktika muassasalarida dispanser kuzatuvini olib borish hamda davolash;
talab darajasidagi sifatga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishi va sotilishini nazorat qilish;
nogironligi bo‘lgan bolaning fiziologik xususiyatlari va sog‘lig‘i holatiga javob beradigan ta’lim olish hamda mehnat qilish sharoitlarini yaratish;
kasbga yaroqlilikni aniqlashda O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy maslahat berish;
sanitariya-gigiyena ta’limi berish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va rag‘batlantirish;
sog‘ligining holati to‘g‘risida nogironligi bo‘lgan bola uchun qulay bo‘lgan tarzda zarur axborotni taqdim etish.
O‘n to‘rt yoshdan katta yoshdagi nogironligi bo‘lgan bola ma’lumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy ravishda rozilik berish yoki uni rad etish huquqiga ega.
Bola bilan uning hayotiga, sog‘lig‘i va normal rivojlanishiga ziyon yetkazuvchi har qanday ilmiy tajriba yoki boshqa tajribalar o‘tkazish taqiqlanadi.
Davlat maxsus cheklovlarni joriy etish va maxsus profilaktika dasturlarini amalga oshirish orqali nogironligi bo‘lgan bolalarni alkogolga moyillikdan, chekishdan, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalar va intellektual-irodaviy faoliyatga ta’sir ko‘rsatadigan boshqa moddalarni iste’mol qilishdan himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarning axborot olish huquqlarini ta’minlashda davlat tomonidan qanday chora tadbirlar amalga oshiriladi?
Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarga axborot olish huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni keng omma uchun mo‘ljallangan, qulay shakllardagi va nogironlikning turli shakllari hisobga olingan texnologiyalardan foydalangan holda axborot bilan ta’minlaydi.
Davlat odamlar o‘rtasidagi muloqot vositalari sifatida imo-ishora tilidan, muloqotning boshqa muqobil shakllaridan foydalanilishiga ko‘maklashadi.
Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarga televizion dasturlar, filmlar, teatr tadbirlari va boshqa madaniy tadbirlarning ular uchun qulay shakllarda bo‘lishini ta’minlaydi. Davlat telekanallarida yangiliklar ko‘rsatuvlarining surdotarjimoni yoki subtitrlar bilan namoyish etilishi ta’minlanadi.
Davlat kommunikatsiyaning muqobil shakllaridan (Brayl harflaridan va ovozli shakllardan) foydalangan holda badiiy adabiyotlar, maktab darsliklari, boshqa didaktik materiallar va o‘qitish vositalari nashr etilishini ta’minlaydi.
Davlat organlari va tashkilotlar o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirilgan axborot bilan qulay tarzda tanishish hamda xizmatlardan foydalanish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarga qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratishi shart.
Davlat organlari va tashkilotlar axborot-kommunikatsiya uskunalarining hamda axborot ta’minotining davlat xaridlariga davlat buyurtmasini amalga oshirishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning barcha toifalari uchun qulaylik mezonlariga rioya etilishini hisobga olishi kerak.
Davlat organlari va tashkilotlar, zarur bo‘lgan taqdirda, mazkur davlat organining yoki tashkilotning vakili va eshitishida nuqsonlari mavjud nogironligi bo‘lgan shaxs o‘rtasidagi muloqotni ta’minlash uchun imo-ishora tili tarjimonini shartnoma bo‘yicha yollaydi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarning sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha davlat tomonidan qanday chora tadbirlar amalga oshiriladi?
Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning sog‘liqni saqlash xizmatlaridan, sifatli va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini hisobga oluvchi tibbiy yordamdan boshqa fuqarolar bilan teng ravishda foydalanish huquqi amalga oshirilishini ta’minlash uchun zarur choralar ko‘radi.
Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarga, fuqarolarga bepul tibbiy yordam ko‘rsatishning davlat kafolatlari dasturi doirasida amalga oshiriladigan malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi bo‘yicha choralar ko‘radi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy parvarish qilish barcha darajalardagi mavjud tibbiy xizmatlar doirasida, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan xizmatlar tomonidan amalga oshiriladi.
Zo‘rayib boruvchi shakldagi yoki yakuniy bosqichdagi bedavo kasalliklarga chalingan shaxslar bemorlarning jismoniy, ruhiy, hissiy va ma’naviy ehtiyojlarini qanoatlantirishni nazarda tutuvchi palliativ tibbiy parvarishlash xizmatlari ko‘rsatilishi huquqiga ega bo‘ladi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarni turli kamsitishlardan himoya qilish bo‘yicha qanday kafolatlar mavjud?
Nogironligi bo‘lgan bolalarni turli kamsitishlardan himoya qilish bo‘yicha qanday kafolatlar mavjud?
Nogironlik belgisi bo‘yicha har qanday kamsitish taqiqlanadi.
Teng imkoniyatlarni ta’minlash va nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun davlat organlari nogironligi bo‘lgan shaxslarning obyektlar hamda xizmatlardan, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalardan, sog‘liqni saqlashdan, ta’limdan, ishga joylashishdan, shuningdek axborotdan va aloqa vositalaridan teng ravishda foydalanish imkoniyatlarini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Davlat kamsitilishning barcha shakllaridan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy jihatdan teng ravishda va samarali himoya qilinishini kafolatlaydi.
Davlat insonning asosiy huquqlari va erkinliklaridan foydalanish imkoniyatini berishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tajovuzlardan himoya qilinish, o‘z shaxsiy hayoti, oilasi, uy-joyi yoki xat-xabarlari daxlsizligi, sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinishi huquqiga ega.
Davlat nogironligi bo‘lgan shaxsning shaxsi, sog‘ligi holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash choralarini ko‘radi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning turar joyga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash bo‘yicha qanday kafolatlar bor?
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning turar joyga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash jamiyat uchun muhim vazifalardan biridir. Uy-joyga ega bo‘lish bolalarning xavfsizligi va barqarorligi uchun zarur, chunki bu ularning jismoniy va ruhiy rivojlanishiga bevosita ta’sir qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 47-moddasida ham shaxslarning turar joyga ega bo‘lish huquqi nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, Har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega. Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi. Davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantiradi va uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi. Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi qonun bilan belgilanadi. Shu ma’noda, bolalarning ham turar joy bilan ta’minlanish huquqi qonunchilik doirasida kafolatlanadi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, to‘liq davlat ta’minotida turgan ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarini bitirgan yoki jazoni o‘tash muassasalaridan ozod qilingan bolalar, shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan boshqa toifadagi bolalar o‘zlari ilgari yashagan turar joy maydoniga ega bo‘lish yoki qonunchilikka muvofiq turar joy olish huquqiga ega.
Nogironligi bo‘lgan bolalarni reabilitatsiya qilish tartibi qanday?
Nogironligi bo‘lgan bolalarni reabilitatsiya qilishning maqsadi ularga to‘laqonli hayot tarzini yuritish hamda o‘z huquqlari va potensial imkoniyatlarini amalga oshirish imkonini beradigan ijtimoiy maqomini, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatishga va kasbiy faoliyatning har xil turlariga oid qobiliyatini tiklashdan iboratdir.
Davlat nogironligi bo‘lgan bolalarning davlat muassasalarida tibbiy, ijtimoiy, kasbiy hamda jismoniy reabilitatsiya va abilitatsiya qilinishini kafolatlaydi.
Tibbiy reabilitatsiya qilish nogironligi bo‘lgan bolalar a’zolarining hamda organizmi tizimlarining buzilgan va (yoki) yo‘qolgan funksiyalarini saqlab qolishga, qisman yoki to‘liq tiklashga qaratilgan tibbiy xizmatlar majmuidir.
Ijtimoiy reabilitatsiya qilish nogironligi bo‘lgan bolalarning hayot faoliyati cheklanganligini yengib o‘tishi uchun shart-sharoitlar yaratishga, ijtimoiy maqomini, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish, mustaqil yashash imkoniyatlarini tiklashga, shuningdek ularni jamiyatda oilaviy hayotning odatiy sharoitlariga qaytarishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir.
Nogironligi bo‘lgan bolalar organizmining buzilgan yoki vaqtincha yo‘qolgan funksiyalarini hamda ularning ijtimoiy va kasbiy faoliyatga bo‘lgan qobiliyatini jismoniy tarbiya va sport vositalari hamda usullaridan foydalangan holda tiklash (tuzatish va kompensatsiya qilish) jismoniy reabilitatsiya qilishdir.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya va abilitatsiya qilish nogironligi bo‘lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturiga muvofiq tashkil etiladi.
Abilitatsiya qilish jamiyat hayotiga moslashtirish uchun organizmning yo‘q bo‘lgan (tug‘ma) va (yoki) rivojlanmagan funksiyalarini shakllantirishga qaratilgan tibbiy, ijtimoiy, pedagogik, psixologik jihatdan tuzatish va boshqa tuzatish chora-tadbirlari majmuidir.
Abilitatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar xavf guruhidagi bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy, psixologik va pedagogik jihatdan tuzatish xizmatlarini, shuningdek boshqa tuzatish xizmatlarini o‘z ichiga oladi.
Xavf guruhidagi bolalar jumlasiga erta aralashuv hamda zarur tibbiy, ijtimoiy, psixologik, pedagogik jihatdan tuzatishga yoki boshqa tuzatishga oid ko‘mak ko‘rsatilmaganda jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida yuqori darajadagi ortda qolish ehtimoli mavjud uch yoshgacha bo‘lgan bolalar kiradi.
Abilitatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tibbiy-ijtimoiy tashkilotlar, shuningdek tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga doir ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni (bolalarni) abilitatsiya qilish ularning ehtiyojlariga imkon qadar moslashtirilgan hajmda, malakali xodimlar tomonidan amalga oshiriladi.