Bolalarning nomusiga tekkanlik uchun umrbod qamoq jazosi taklif qilinmoqda
O‘zbekistonda bolalarga nisbatan o‘ta og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish, jumladan, 14 yoshga to‘lmagan bolaning nomusiga tekkanlik uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish taklif etilmoqda. Qonun loyihasi 29 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Hujjat “Adolat” partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan kiritilgan bo‘lib, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan.
Ushbu hujjat bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda qator qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, loyihada bolalarga nisbatan sodir etiladigan zo‘ravonlik va jinsiy tajovuzlar uchun jazo choralarini kuchaytirish, jabrlangan bolalarni huquqiy jihatdan himoya qilish, zo‘ravonlik holatlarining oldini olish hamda mas’ul tashkilotlar va mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirishga qaratilgan normalar aks etmoqda.
“Eng avvalo, bolalarga nisbatan sodir etilgan o‘ta og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun jazo keskin kuchaytirilmoqda. Xususan, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash ko‘zda tutilmoqda”, – deyiladi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabarida.
Loyihadan yana shunday takliflar o‘rin olgan:
- bolaning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlarni sodir etgan shaxslar javobgarlikka tortish muddati o‘tgani sababli javobgarlikdan va jazoni ijro etish muddati o‘tgani bois jazodan ozod qilinmasligi belgilanmoqda;
- zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar bo‘yicha jabrlangan bola bilan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchini yuzlashtirishni maxsus tartib asosida o‘tkazish taklif etilmoqda;
- bolaning yaqin shaxslari tomonidan zo‘ravonlik sodir etilgan holatlarda esa jinoyat ishini sudga qadar yuritish va sud muhokamasi jarayonlarida vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokini ta’minlash nazarda tutilmoqda;
- zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish mexanizmi ham joriy etilmoqda.