Turkiyada bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga cheklovlar kiritildi
Ijtimoiy tarmoqlar 15 yoshdan kichik bolalarga xizmat ko‘rsata olmaydi. Bundan tashqari, platformalar ota-onalarga farzandlarining akkauntlarini nazorat qilishlariga imkon beruvchi vositalarni taqdim etishga majbur bo‘ladi.
Turkiyada 1-noyabrdan boshlab bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi cheklanadi. Bu haqda Resmi Gazete xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar 15 yoshdan kichik bolalarga xizmat ko‘rsata olmaydi. 15 yoshdan katta foydalanuvchilar uchun esa platformalar shaxsiy ma’lumotlarni himoya qiluvchi va xavfsizlikni kuchaytiruvchi maxsus rejim joriy etishi lozim.
Shuningdek, 15 yoshdan katta foydalanuvchilar uchun bolalarning qiziqishi va ularning jismoniy, ruhiy hamda ijtimoiy rivojlanish xususiyatlari hisobga olingan holda alohida xizmat ko‘rsatish rejimi ko‘zda tutilmoqda. Mazkur rejim doirasida o‘smirlarning akkauntlari yopiq holda bo‘ladi.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar ota-onalarga farzandlarining akkauntlarini nazorat qilishlariga imkon beruvchi vositalarni taqdim etishga majbur bo‘ladi.