ORTGA
Sizning natijangiz 0%

Ota-onalarning mehnat qonunchiligidagi huquqlari

Mavzular
1
Ishga qabul qilish va mehnat shartnomasini bekor qilishdagi kafolatlar
2
Ish vaqti va moslashuvchan ish tartibi
3
Homiladorlik, tug‘ish va bola parvarishlash ta’tillari
4
Bola emizish (ovqatlantirish) uchun qo‘shimcha tanaffuslar
5
Qo‘shimcha ta’tillar
Ishga qabul qilish va mehnat shartnomasini bekor qilishdagi kafolatlar

Ishga qabul qilishda kafolatlar: Ayollarning homiladorligi yoki bolasi borligi (shuningdek, erkaklarning ham farzandi borligi) sababli ularni ishga qabul qilishni rad etish qonunga xilofdir. Agar rad etilsa, ish beruvchi uning sababini 3 kun muddatda yozma ravishda tushuntirishi shart.

Ishdan bo‘shatish bo‘yicha cheklovlar (MK 408-modda): Homilador ayollar va 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ota-onalar (yoki yolg‘iz ota yoki ona) bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish taqiqlanadi.

Istisno: Korxona butunlay tugatilgan (likvidatsiya qilingan) hollar yoki xodim tomonidan mehnat majburiyatlari o‘ta qo‘pol ravishda buzilgan vaziyatlar bundan mustasno.

Ish vaqti va moslashuvchan ish tartibi

Kichik yoshdagi farzandlari bor ota-onalar ish vaqtini oilaviy sharoitlariga moslashtirish huquqiga ega.

Oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolani tarbiyalayotgan ota-onadan biriga (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsga) oyiga qoʻshimcha bir dam olish kuni berilib, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan shu vaqt uchun bir kunlik ish haqi miqdorida nafaqa toʻlanadi.

Homilador ayollar, oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolaning (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning) ota-onasidan biri (ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxs) faqat oʻz yozma roziligi bilan tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilinishi, shuningdek xizmat safariga yuborilishi mumkin. Bunda ish beruvchi mazkur xodimlarni tungi ishlardan, ish vaqtidan tashqari ishlardan, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlardan yoki xizmat safaridan voz kechish borasidagi huquqi toʻgʻrisida xabardor qilishi shart.

Homilador ayollarni va uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish homilador ayolning hamda bolaning hayotiga va sogʻligʻiga xavf tugʻdirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa mavjud boʻlgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.

Homiladorlik, tug‘ish va bola parvarishlash ta’tillari

Bu huquqlar oilada bolaning dastlabki yillarida unga g‘amxo‘rlik qilishni to‘liq kafolatlaydi.

Homiladorlik va tugish tatili (MK 404-modda): Ayollarga tug‘ishgacha 70 kalendar kun va tug‘ishdan keyin 56 kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki egizaklar tug‘ilgan bo‘lsa 70 kun) ta’til beriladi.

Bola parvarishlash tatili (MK 405-modda): Homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga ko‘ra, bola 2 yoshga to‘lgunga qadar haq to‘lanadigan va 3 yoshga to‘lgunga qadar haq to‘lanmaydigan qo‘shimcha ta’til beriladi.

Muhim jihati: Ushbu ta’tildan bolaning otasi, buvisi, bobosi yoki bolani amalda parvarish qilayotgan boshqa qarindoshlari ham to‘liq yoki qismlarga bo‘lib foydalanishi mumkin. Ushbu davrda xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanadi.

Bola emizish (ovqatlantirish) uchun qo‘shimcha tanaffuslar

Mehnat kodeksi 407-moddasiga binoan, 2 yoshga tolmagan bolasi bor ayollarga dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan umumiy tanaffusdan tashqari, bolani ovqatlantirish uchun qo‘shimcha tanaffuslar beriladi.

Bu tanaffuslar kamida har 3 soatda, har biri 30 daqiqadan kam bo‘lmagan muddatda berilishi shart (agar ayolning 2 yoshga to‘lmagan farzandlari ikki yoki undan ortiq bo‘lsa, tanaffus muddati kamida 1 soat etib belgilanadi).

Eng asosiysi – bu tanaffuslar ish vaqtiga hisoblanadi va ularning muddati uchun xodimning o‘rtacha ish haqi kamaytirilmaydi.

Qo‘shimcha ta’tillar

12 yoshga to‘lmagan ikki yoki undan ortiq bolasi (yoki 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi) bor ayollarga har yili kamida 4 kalendar kun miqdorida haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi. Shuningdek, ularning xohishiga ko‘ra har yili 14 kalendar kundan kam bo‘lmagan muddatga ish haqi saqlanmagan holda (o‘z hisobidan) ta’til berilishi majburiydir.