ORTGA
Sizning natijangiz 0%

Ota-onalarning mehnat qonunchiligidagi huquqlari

Mavzular
1
Homiladorligi yoki farzandlari borligi sababli ishga qabul qilishni rad etishni, ishdan boʻshatishni yoki ish haqini kamaytirishni taqiqlash
2
Ayollar mehnatini muhofaza qilish boʻyicha qoʻshimcha choralar
3
Homilador ayollarni yengilroq ishga yoki noqulay ishlab chiqarish omillari taʼsiridan xoli boʻlgan ishga oʻtkazish
4
Ikki yoshga toʻlmagan bola parvarishini amalga oshirayotgan ota-onadan birini (vasiyni) boshqa ishga oʻtkazish
5
Tungi ishlarda, ish vaqtidan tashqari ishlarda, dam olish kunlaridagi hamda ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarda homilador ayollar va bolalari bor shaxslar mehnati qoʻllanilishining hamda ularni xizmat safariga yuborishning oʻziga xos xususiyatlari
6
Uch yoshga toʻlmagan bolaning ota-onasidan birining (vasiysining) qisqartirilgan ish vaqti davomiyligiga boʻlgan huquqi
7
Homilador ayollar va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul shaxslarga toʻliqsiz ish vaqti belgilash
8
Qoʻshimcha dam olish kuni
9
Homilador ayollarga va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul shaxslarga yillik mehnat taʼtillarini berish navbatini belgilashdagi imtiyozlar
10
Oʻn ikki yoshga toʻlmagan bolalarning yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsga) beriladigan haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil
11
Oʻn ikki yoshga toʻlmagan bolalarning yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning ota-onasidan birining (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsning) ish haqi saqlanmagan holda taʼtil olish huquqi
12
Homilador ayollarga antenatal (tugʻruqqacha) parvarishlash uchun qoʻshimcha boʻsh kunlar berilishi
13
Homiladorlik va tugʻish taʼtili
14
Bolani ikki va uch yoshga toʻlguniga qadar parvarishlash taʼtillari
15
Yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan taʼtillar
16
Bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar
17
Mehnat shartnomasini bekor qilish chogʻida homilador ayollar uchun kafolatlar
18
Uch yoshgacha boʻlgan bolasi bor xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishdagi kafolatlar
19
Oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul shaxslardan biriga kafolatlar berish sharti
Homiladorligi yoki farzandlari borligi sababli ishga qabul qilishni rad etishni, ishdan boʻshatishni yoki ish haqini kamaytirishni taqiqlash

Homiladorligi yoki farzandlari borligi bilan bogʻliq sababga koʻra ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish yoki ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.

Ish beruvchi ishga qabul qilishni rad etgan taqdirda, rad etish sabablarining ishga qabul qilish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan yozma asosini homilador ayol yoki farzandlari bor shaxs talabiga koʻra uch kun ichida taqdim etishi shart. Ishga qabul qilishni rad etish sabablarining yozma asosini taqdim etmaganlik ishga qabul qilishni rad etganlik ustidan shikoyat qilishga monelik qilmaydi.
Mehnat kodeksi, 392-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-7389726

Ayollar mehnatini muhofaza qilish boʻyicha qoʻshimcha choralar

Ish beruvchi kasaba uyushma qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishuvga koʻra tasdiqlanadigan tavsiyalarni inobatga olib, noqulay mehnat sharoitlariga ega boʻlgan, ayollarning mehnatidan foydalanish cheklanadigan ayrim ishlar roʻyxatini belgilashga haqli.

Ayollar tomonidan ular uchun yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp normadan ortiq boʻlgan ogʻir yuklarni koʻtarish va tashish taqiqlanadi.

Ayollarning ogʻir yuklarni koʻtarishi va tashishi chogʻida ular uchun yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp yuklamalar Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Mehnat kodeksi, 393-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266422

Homilador ayollarni yengilroq ishga yoki noqulay ishlab chiqarish omillari taʼsiridan xoli boʻlgan ishga oʻtkazish

Tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat koʻrsatish normalari avvalgi ishlaridagi oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda kamaytiriladi yoki ular yengilroq ishga yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli boʻlgan ishga oʻtkaziladi. Ishlab chiqarish normalarini kamaytirish, shuningdek vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish muddatlari tibbiy xulosaga muvofiq belgilanadi.

Homilador ayolga yengilroq ish yoki noqulay ishlab chiqarish omillari taʼsiridan xoli boʻlgan ish berish masalasi hal etilguniga qadar, u buning oqibatida qoldirilgan barcha ish kunlari uchun oʻrtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim.

Mehnat kodeksi, 394-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266427

Ikki yoshga toʻlmagan bola parvarishini amalga oshirayotgan ota-onadan birini (vasiyni) boshqa ishga oʻtkazish

Ikki yoshga toʻlmagan bola parvarishini amalga oshirayotgan ota-onadan biri (vasiy) avvalgi ishini bajarishi mumkin boʻlmagan taqdirda, oʻz arizasiga koʻra bajariladigan ishi uchun haq toʻlanadigan, biroq avvalgi ishi boʻyicha oʻrtacha ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda bola ikki yoshga toʻlguniga qadar ish haqi toʻlanadigan boshqa ishga oʻtkaziladi.

Ish beruvchida boshqa ish mavjud boʻlmagan taqdirda, ikki yoshga toʻlmagan bola parvarishini amalga oshirayotgan xodimga qonunchilikda belgilangan tartibda bola parvarishi boʻyicha nafaqa toʻlanadi.

Yakka tartibdagi mehnatga doir nizo yuzaga kelgan taqdirda, ikki yoshga toʻlmagan bola parvarishini amalga oshirayotgan xodimni boshqa ishga oʻtkazish mumkin emasligini isbotlash vazifasi ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.

Mehnat kodeksi: 395-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266431

Tungi ishlarda, ish vaqtidan tashqari ishlarda, dam olish kunlaridagi hamda ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarda homilador ayollar va bolalari bor shaxslar mehnati qoʻllanilishining hamda ularni xizmat safariga yuborishning oʻziga xos xususiyatlari

Homilador ayollar, oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolaning (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning) ota-onasidan biri (ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxs) faqat oʻz yozma roziligi bilan tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilinishi, shuningdek xizmat safariga yuborilishi mumkin. Bunda ish beruvchi mazkur xodimlarni tungi ishlardan, ish vaqtidan tashqari ishlardan, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlardan yoki xizmat safaridan voz kechish borasidagi huquqi toʻgʻrisida xabardor qilishi shart.

Homilador ayollarni va uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish homilador ayolning hamda bolaning hayotiga va sogʻligʻiga xavf tugʻdirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa mavjud boʻlgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.

Mehnat kodeksi, 396-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266441

Uch yoshga toʻlmagan bolaning ota-onasidan birining (vasiysining) qisqartirilgan ish vaqti davomiyligiga boʻlgan huquqi

Uch yoshga toʻlmagan bolaning budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga (vasiysiga) haftasiga oʻttiz besh soatdan oshmaydigan ish vaqti davomiyligi belgilanadi.

Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan xodimlar mehnatiga haq toʻlash har kungi toʻliq ish davomiyligida ishlaydigan xodimlar uchun belgilangan miqdorda amalga oshiriladi.

Uch yoshga toʻlmagan bolaning budjetdan moliyalashtirilmaydigan ish beruvchilarda ishlaydigan ota-onasidan biriga, vasiysiga qisqartirilgan ish vaqti davomiyligi jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatlarda belgilanishi mumkin.

Mehnat kodeksi, 397-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266446

Homilador ayollar va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul shaxslarga toʻliqsiz ish vaqti belgilash

Ish beruvchi homilador ayolning, oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolaning (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning) ota-onasidan birining (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsning), shuningdek oilaning betob aʼzosini parvarishlashni amalga oshirayotgan shaxsning iltimosiga koʻra ularga tibbiy xulosaga muvofiq toʻliqsiz ish vaqti belgilashi shart.

Mehnat kodeksi, 398-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266454

Qoʻshimcha dam olish kuni

Oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolani tarbiyalayotgan ota-onadan biriga (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsga) oyiga qoʻshimcha bir dam olish kuni berilib, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan shu vaqt uchun bir kunlik ish haqi miqdorida nafaqa toʻlanadi.

Mehnat kodeksi, 399-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266458

Homilador ayollarga va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul shaxslarga yillik mehnat taʼtillarini berish navbatini belgilashdagi imtiyozlar

Homilador ayollarga va bola tuqqan ayollarga yillik mehnat taʼtili, ularning xohishiga koʻra, tegishincha homiladorlik va tugʻish taʼtilidan oldin yoki undan keyin beriladi.

Homilador ayollarni yillik mehnat taʼtilidan chaqirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Bolani parvarishlash taʼtilidan foydalanayotgan xodimga yillik mehnat taʼtili, uning xohishiga koʻra, bola parvarishlash taʼtilidan oldin yoxud undan keyin beriladi.

Ishlaydigan erkaklarga xotinining homiladorlik va tugʻish taʼtili davrida oʻz xohishiga koʻra yillik mehnat taʼtili:

birinchi ish yili uchun — ishlab berilgan vaqtdan qatʼi nazar;

keyingi yillarda — taʼtillar berish jadvalidan qatʼi nazar beriladi.

Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bitta va undan ortiq bolani (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolani) tarbiyalayotgan yolgʻiz otaga, yolgʻiz onaga (beva erkaklarga, beva ayollarga, nikohdan ajrashganlarga, yolgʻiz onalarga) va muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga yillik mehnat taʼtillari, ularning xohishiga koʻra, ular uchun qulay boʻlgan vaqtda beriladi.

Mehnat kodeksi, 400-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266460

Oʻn ikki yoshga toʻlmagan bolalarning yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsga) beriladigan haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil

Oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolaning yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsga) har yili davomiyligi kamida toʻrt kalendar kun boʻlgan haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil beriladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan taʼtil yillik mehnat taʼtiliga qoʻshib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishib belgilanadigan davrda ushbu taʼtildan alohida (toʻliq yoxud qismlarga boʻlib), lekin faqat tegishli ish yili davomida foydalanilishi mumkin. Ushbu taʼtilni keyingi ish yiliga koʻchirishga yoki uni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Mehnat kodeksi, 401-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266479

Oʻn ikki yoshga toʻlmagan bolalarning yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning ota-onasidan birining (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsning) ish haqi saqlanmagan holda taʼtil olish huquqi

Oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki nafar va undan ortiq bolaning yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsga), ularning xohishiga koʻra, har yili ish haqi saqlanmagan holda davomiyligi oʻn toʻrt kalendar kungacha boʻlgan taʼtil beriladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan taʼtil yillik mehnat taʼtiliga qoʻshib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishib belgilanadigan davrda ushbu taʼtildan alohida (toʻliq yoxud qismlarga boʻlib), lekin faqat joriy ish yili davomida foydalanilishi mumkin. Ushbu taʼtilni keyingi ish yiliga koʻchirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Mehnat kodeksi, 402-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266486

Homilador ayollarga antenatal (tugʻruqqacha) parvarishlash uchun qoʻshimcha boʻsh kunlar berilishi

Ish beruvchi homilador ayollarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida antenatal (tugʻruqqacha) parvarishlash (perinatal skrining va tashxis, majburiy tibbiy koʻriklar va boshqa majburiy tibbiy muolajalar) uchun oʻrtacha ish haqi saqlangan holda qoʻshimcha boʻsh kunlar berishi shart.

Homilador ayollarni antenatal (tugʻruqqacha) parvarishlash tartibi va muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Mehnat kodeksi, 403-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266492

Homiladorlik va tugʻish taʼtili

Ayolga tugʻruqqacha yetmish kalendar kun hamda tugʻruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tugʻish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tugʻilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tugʻish taʼtili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin oʻrtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam boʻlmagan miqdorda nafaqa toʻlanadi.

Homiladorlik va tugʻish taʼtili ayolga jamlangan holda hisoblab chiqarilib, tugʻruqqacha haqiqatda foydalanilgan kunlar sonidan qatʼi nazar, toʻliq beriladi.

Homiladorlik va tugʻish nafaqasini tayinlash hamda toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Mehnat kodeksi, 404-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266498

 

Bolani ikki va uch yoshga toʻlguniga qadar parvarishlash taʼtillari

Homiladorlik va tugʻish taʼtili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga koʻra, unga bolasi ikki yoshga toʻlguniga qadar bolani parvarishlash taʼtili berilib, bu davr uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda nafaqa toʻlanadi.

Ayolga uning xohishiga koʻra, bolasi uch yoshga toʻlguniga qadar uni parvarishlash uchun ish haqi saqlanmagan holda qoʻshimcha taʼtil ham beriladi.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan bolani parvarishlash taʼtillaridan bolaning otasi, buvisi, buvasi yoki bolani haqiqatda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlari ham, shuningdek vasiysi ham toʻliq yoki qismlarga boʻlib foydalanishi mumkin.

Ayol yoki ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar xohishiga koʻra, bolani parvarishlash taʼtili vaqtida toʻliqsiz ish vaqti shartlari asosida yoki ish beruvchi bilan kelishuv boʻyicha uyda ishlashi mumkin. Bunda ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq ularning nafaqa olish huquqi saqlab qolinadi.

Bolani parvarishlash taʼtillari davrida xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu taʼtillarning koʻpi bilan olti yili mehnat stajiga qoʻshiladi, shu jumladan mutaxassisligi boʻyicha ish stajiga ham qoʻshib hisoblanadi.

Kelgusidagi yillik mehnat taʼtilini olish huquqini beruvchi ish stajiga, agar jamoa shartnomasida, shuningdek tashkilotning ichki hujjatida yoxud mehnat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, bolani parvarishlash taʼtillari vaqti kiritilmaydi.

Mehnat kodeksi, 405-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266505

Yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan taʼtillar

Yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga bola farzandlikka olingan yoki vasiylik belgilangan kundan boshlab va bola tugʻilgan kundan eʼtiboran ellik olti kalendar kun (bir vaqtning oʻzida ikki yoki undan ortiq bola farzandlikka olingan taqdirda esa yetmish kalendar kun) oʻtguniga qadar qonunchilikda belgilangan, lekin oʻrtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam boʻlmagan miqdorda nafaqa toʻlangan xolda taʼtil beriladi.

Yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimning yozma arizasiga koʻra, xodimga bola ikki yoshga toʻlguniga qadar bolani parvarishlash taʼtili berilib, ushbu davr uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda nafaqa toʻlanadi, shuningdek bola uch yoshga toʻlguniga qadar ish haqi saqlanmaydigan taʼtil ham beriladi.

Mehnat kodeksi, 406-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266512

Bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar

Ikki yoshga toʻlmagan bolaning ota-onasidan biriga (vasiysiga) dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan tashqari bolani ovqatlantirish uchun qoʻshimcha tanaffuslar beriladi. Bu tanaffuslar kamida har uch soatda, har biri oʻttiz minutdan kam boʻlmagan davomiylikda beriladi. Ikki yoshga toʻlmagan ikki yoki undan ortiq nafar farzandi boʻlgan taqdirda, tanaffusning davomiyligi kamida bir soat qilib belgilanadi. Bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va oʻrtacha ish haqi boʻyicha haq toʻlanadi.

Ikki yoshga toʻlmagan bola otasining yoki onasining (vasiysining) xohishiga koʻra bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusga qoʻshib berilishi yoxud ish kunining (smenaning) tegishincha qisqartirilgan holda boshiga yoki oxiriga koʻchirilishi, shu jumladan jamlangan holda koʻchirilishi mumkin.

Bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar faqat ota-onadan biri bolani parvarishlash taʼtilida boʻlmagan va bunday tanaffuslardan foydalanmayotgan taqdirda beriladi.

Bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslarning aniq davomiyligi va ularni berish tartibi jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra ish beruvchi tomonidan belgilanadi.

Mehnat kodeksi, 407-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266515

Mehnat shartnomasini bekor qilish chogʻida homilador ayollar uchun kafolatlar

Homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan tashkilot (uning alohida boʻlinmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno.

Ayolning homiladorligi davrida muddatli mehnat shartnomasining muddati tugagan taqdirda, ish beruvchi ayolning yozma arizasiga binoan va homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy maʼlumotnoma taqdim etilgan taqdirda, mehnat shartnomasining amal qilish muddatini homiladorlik tugaguniga qadar, unga homiladorlik va tugʻish taʼtili berilgan taqdirda esa bunday taʼtilning oxiriga qadar uzaytirishi shart. Mehnat shartnomasi homiladorlikning oxiriga qadar uzaytirilgan ayol, ish beruvchining soʻroviga binoan, lekin uch oyda koʻpi bilan bir marta homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy maʼlumotnoma taqdim etishi shart. Agar bunda ayol homiladorlik tugaganidan keyin haqiqatda ishlashni davom ettirsa, ish beruvchi homiladorlikning tugaganligi faktini bilgan yoki bilishi kerak boʻlgan kundan eʼtiboran bir hafta ichida mehnat shartnomasini uning muddati tugaganligi sababli bekor qilishga haqli.

Ayol bilan tuzilgan mehnat shartnomasining muddati tugaganligi munosabati bilan ushbu shartnomani uning homiladorligi davrida bekor qilishga, agar mehnat shartnomasi yoʻq boʻlgan xodimning majburiyatlarini bajarish vaqtiga tuzilgan boʻlsa va homiladorlik tugaguniga qadar ayolni ish beruvchida uning sogʻligʻi holati inobatga olingan holda bajara oladigan boshqa ishga ayolning yozma roziligi bilan oʻtkazish mumkin boʻlmasa, yoʻl qoʻyiladi.

Homilador ayol bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ayolning ushbu Kodeks 404-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan davr uchun homiladorlik va tugʻish nafaqasini olish huquqi saqlanib qoladi.

Mehnat kodeksi, 408-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266520

Uch yoshgacha boʻlgan bolasi bor xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishdagi kafolatlar

Uch yoshgacha bolasi bor ayol yoxud uch yoshgacha boʻlgan bolani yolgʻiz tarbiyalayotgan ota (vasiy) bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishga faqat ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 14 va 5-bandlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha yoʻl qoʻyiladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan xodimlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ularning bola parvarishlash nafaqasini olish huquqi saqlanib qoladi.

Bolasi uch yoshga toʻlguniga qadar bola parvarishlash taʼtilida boʻlgan xodim bilan mehnat shartnomasini xodimning malakasi yetarli emasligi oqibatida egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga loyiq emasligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusiga koʻra ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 3-bandiga muvofiq bekor qilishga xodim taʼtildan chiqqan kundan eʼtiboran bir yil ichida yoʻl qoʻyilmaydi.

Mehnat kodeksi, 409-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266526

Oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul shaxslardan biriga kafolatlar berish sharti

Ushbu Kodeksda bolaning otasiga yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul boshqa shaxslarga (onadan tashqari) mehnat sohasida qoʻshimcha kafolatlar nazarda tutilgan hollarda, ular bolaning onasi yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul boshqa shaxs bu kafolatlardan foydalanmayotganligini tasdiqlovchi hujjatni (ish joyidan maʼlumotnomani, oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnomani, ona va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul boshqa shaxs muomalaga layoqatsiz deb topilganligi toʻgʻrisidagi qonuniy kuchga kirgan yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi qonuniy kuchga kirgan sud qarorini va hokazolarni) ish beruvchiga ish joyi boʻyicha taqdim etishi kerak.

Agar bolaning onasi ishlamasa hamda bolaning parvarishi va tarbiyasi bilan mashgʻul boʻlsa yoxud ishlasa hamda ushbu paragrafda nazarda tutilgan kafolatlardan foydalansa, otaga yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul boshqa shaxslarga mazkur kafolatlar berilmaydi.

Mehnat kodeksi, 410-modda: https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266530