ORTGA Sizning natijangiz 0%

Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash kuchga kirdi.

08:37 - 11.12.2025
80

Avstraliyada bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilgan taqiq, boshqalar qatorida, ularni internetdagi ta’qib, dezinformatsiya va noqonuniy kontentdan himoya qilishga qaratilgan. Taqiq WhatsApp, elektron pochta, onlayn-o‘yinlar va o‘quv loyihalariga tatbiq etilmaydi.

Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan mamlakatga aylandi. Mamlakat parlamenti tomonidan 2024-yil noyabrida qabul qilingan qonun chorshanba, 10-dekabrdan boshlab kuchga kirdi.

Yoshlarni internetdagi ta’qib, dezinformatsiya va noqonuniy kontentdan himoya qilishga qaratilgan ushbu taqiq ko‘pchilik yirik platformalarga taalluqli bo‘ladi, jumladan TikTok, YouTube, Instagram, Snapchat, Facebook, Reddit va X kabilarga. U WhatsApp messenjeriga, pochta dasturlariga, onlayn-o‘yinlarga va o‘quv loyihalariga tatbiq etilmaydi.

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze jurnalistlarga bergan bayonotida, ushbu qonun bolalarga normal bolalik o‘tkazishga yordam berishi, ota-onalarga ruhiy xotirjamlik baxsh etishi va boshqa mamlakatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qilishini aytdi.

Taqiq talablariga bo‘ysunmaslik holatida platformalar 49,5 million Avstraliya dollarigacha jarimaga tortilishi mumkin (taqriban 33 million AQSH dollari yoki deyarli 30 million yevro).

Kanberra hukumati qadamlarining tanqidchilari bunday chorani mutanosib emas, deb hisoblaydi va bu borada mamlakat Oliy sudiga da’vo arizasi ham kiritilgan. Ko‘pchilikning fikricha, o‘smirlar shunchaki nazorati yanada qiyinroq bo‘lgan boshqa servislarga o‘tib ketadi, xolos.

Bir qator mamlakatlar, jumladan Malayziya, Daniya va Norvegiya, shunday taqiqlar joriy qilish niyati borligini bildirgan. Xuddi shunday cheklovlar g‘oyasini Yevropa parlamenti ham qo‘llab-quvvatlagan.

Germaniyada so‘rovda ishtirok etganlarning katta qismi (77 foizi) bunday qonunni «to‘liq» yoki «qisman» qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Chat